Yoshlarning 71 foizdan ortigʻi oʻqituvchi boʻlish istagida

Prezidentning oʻqituvchi kasbining obroʻsini oshirish boʻyicha oxirgi qarorlari oʻz samarasini bermoqda: yoshlarning 71 foizdan ortigʻi oʻqituvchi boʻlishni xohlashmoqda.

Oʻzbekistondagi yoshlarning 71 foizidan ortigʻi kelajagini oʻqituvchi kasbiga bogʻlashni istaydi. “U-Report” soʻrovnomasining maʼlumotlari asosida shu xulosaga kelindi.

Oliy Majlis Senati va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda hamda “Ucell” kompaniyasi koʻmagida YUNISEF va Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi tomonidan Oʻzbekistonda yoshlar ishtirokidagi “U-Report” yangi raqamli platforma ishga tushirildi.

“U-Report” yoshlarga muhim masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bayon etish imkoniyatini beradi. Mazkur tizim doirasida oʻgʻil va qizlar SMS, Facebook, Telegram orqali muntazam soʻrovnomalarda ishtirok etishadi.

Oʻqituvchi va murabbiylar kuni sharafiga “U-Report” Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda yoshlar oʻrtasida oʻqituvchi kasbiga oid va mamlakatda oʻqituvchilar maqomini oshirish uchun nima qilish kerak degan mavzuda soʻrov oʻtkazdi.

Soʻrovda 1120 dan ortiq respondent ishtirok etdi. Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 71 foizi oʻqituvchi boʻlishni, 29 foizi esa kelajagini boshqa kasblar bilan bogʻlashni xohlaydi.

Shu bilan birga, respondentlarning 31 foizi davlat maktablarida, 20 foizi oliy taʼlim muassasalarida, 11 foizi xususiy maktablarda va 10 foizi taʼlim muassasalarida ishlashni istashlarini taʼkidladilar.

Nima uchun ular oʻqituvchi kasbini tanlashlari soʻralganida, 250 dan ortiq respondent oʻz bilimlarini baham koʻrish va yaxshi avlodni tarbiyalashni istashlarini, 150 nafar respondent bolalarni sevishni va ular bilan ishlashni istashlarini aytdi. 100 dan ortiq yoshlar ustoz kasbini faxriy kasb deb hisoblaydilar.

Shuningdek, 110 dan ziyod respondentlar yaxshi mehnat sharoitlari, barqarorlik va yaxshi ish haqi boʻlganligi sababli oʻqituvchi boʻlishni istashlarini aytishdi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilgan qarorlari jamiyatda oʻqituvchilar maqomini oshirish uchun yoshlar tomonidan ijobiy qabul qilinganligini koʻrsatadi.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

You may also like...

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan